O‘ylab ko‘ring, qo‘lingizda O‘zbekiston xaritasi va unga qarab hududlarga tegishli bo‘lgan birlamchi ma’lumotlarni aytish mumkin. Masalan, Qoraqalpog’istonda qancha aholi yashaydi, Xorazmda bandlik masalasi qay darajada, Surxondaryoda qancha ta’lim muassasalari bor, Farg’onada aholi zichligi qay darajada va shunga o‘xshash boshqa muhim ma’lumotlar. Lekin bunday yuzaki ko‘rsatkichlar bilan bugungi jadal taraqqiyot davrida uzoqni ko‘zlab rejalashtirish qiyin, albatta. Aksincha, qo‘limizda har bir hududga oid aniq faktlar bo‘lsa, rejalarimiz, harakatlarimizda manzilli va puxta bo‘ladi. Shuning uchun bizga butun respublikani qamrab oladigan ishonchli ma’lumotlar kerak va ma’lumotlar yangilanib turishi shart. Bunday aniq ma’lumotlar esa aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi. Shunga qarab o‘tmish va bugun haqida fikr-mulohazalarimizni yuritishimiz hamda kelajakni bashorat qilishimiz mumkin. Shuningdek, aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma’lumot darajasi, oila a’zolari soni, bandligi va boshqa ma’lumotlarni olishning yagona manbai hisoblanadi. Ma’lumki, BMTning 2015 yil 10 iyundagi «2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish bo‘yicha tamoyillar va tavsiyalar» rezolyutsiyasi qabul qilindi va unga asosan, BMTga a’zo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilangan. Ayni paytda MDH davlatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlangan. O‘zbekistonda mustaqillik yillarida hali bir marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmagan. Bunday tadbir oxirgi marta 1989 yilda o‘tkazilgan edi. Xalqaro tajribadan ma’lum ko‘p davlatlarda aholini ro‘yxatga olish tadbiri kamida har o‘n yilda bir marta o‘tkaziladi. Respublikamizda endi shunday muhim jarayon yo‘lga qo‘yiladi. Bunda davlatimiz rahbarining 2020 yil 16 martdagi «Aholini ro‘yxatga olish to‘g’risida»gi qonuni huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
(Қарақалпақша) Халықты дизимге алыў: оныӊ мазмуны неде?
