Bugun Qoraqalpog’istonning chekka hududi Nukus tumanidagi «Arbashi» jamoasida Yaponiya hukumati ko’magida amalga oshirilgan suv chuchutish stansiyasining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi. 300 xonadonga mo’ljallangan eski stansiya ikki barobar ko’paygan aholi ehtiyojlarini qondira olmay qolgan edi.
Bugun bu muammo ortda qoldi. Soatiga 108 m³ quvvatga ega yangi nasos uskunasi va 600 metrli suv quvuri jamoaning 3000 dan ortiq aholisi va 500 xonadonini toza ichimlik suvi bilan ta’minlamoqda, uning sifati barcha sanitariya me’yorlariga javob beradi. Arbashi aholisi uchun bu shunchaki infratuzilma loyihasi emas – bu yangi turmush sifati va farzandlar salomatligi. Toza suv har bir oila uchun orzudan kundalik voqelikka aylandi.